Men chet tillarini o'rganishni yoqtiraman. Menga bu mashg'ulot shunchalik yoqadiki, men har ikki yilda yangi til o'rganaman. Hozirda esa sakkizinchisini o'rganayapman. Odamlar bu haqda xabar topganlarida doim so'rashadi: "Buni qanday qilasan? Siring nimada?" To'g'risini aytsam, yillar davomida shunday deb kelganman: "Bilmadim. Men til o'rganishni yoqtiraman xolos". Ammo bu javob odamlarni hech ham qoniqtirmasdi. Ular bitta til o'rganish uchun yillarni sarflasa ham, nega yuqori darajaga erisha olmasligini bilishni istashardi. Shunday bir holatda ular oldida ko'p tillarni o'rganuvchi men... Ular poliglotlar, ko'p tillarda so'zlay oluvchi insonlar sirini bilishni xohlashadi. Bunga men ham qiziqib qoldim, aslida poliglotlar buni qanday uddalashadi? Umumiy tomonlarimiz nimada? Bizga boshqa insonlarga nisbatan tilni tezroq tilni o'zlashtirishga nima yordam beradi? Poliglotlar bilan ko'rishib, buni aniqlashga qaror qildim. Eng oson yo'li - bir vaqtning o'zida bir nechasini uchratish, yuzlab poliglotlar bir joyda yig'ilib, tajriba almashadigan tadbirda. Dunyo miqyosida o'tkaziladigan bir nechta poliglotlar tadbirlari bor. Men shu tadbirlarga bordim, poliglotlardan o'zlarining metodlari haqda so'radim. Men irlandiyalik Benni bilan tanishdim. Aytishicha, uning metodi birinchi kundanoq muloqot qilishga intilishdan iborat. U so'zlashgichdan bir necha iboralarni o'rganadi va shu tilda gaplashuvchi odam bilan tanishib, ortga surmasdan darrov muloqot qilishni boshlaydi. U kuniga 200 marta xato qilsa ham bundan havotir olmaydi. Chunki u shunday o'rganadi, muloqot orqali. Hozirgi kunda buning uchun sayohat qilish ham shartmas, bu ajoyib! Chunki hozir boshqa tilda gapiruvchilar bilan so'zlashish oson va buni o'z xonangizdan chiqmasdan ham qila olasiz. Men braziliyalik Lukasni uchratdim, uning rus tilini o'rganish metodi bilan tanishdim. U Skype'da istalgan yuzlab ruslarga do'stlik takliflari yuboradi, va istalgan bittasini tanlab chat oynasini ochadi. Va "Привет" deb yozadi. U inson "Привет, как дела?" javob yozadi. Lukas buni "копировать" qiladi va boshqa bir chatga tashlaydi, u chatdagi inson esa bunga: "Я хорошо, спасибо, а как ты?" deb yozadi. Lukas buni ham nusxalaydi va birinchi insonga yuboradi. Va shu yo'l bilan u orqali ikkita inson o'zlari bilmagan holda bir-biri bilan gaplashadi. (Kulgu) Tez orada o'zi ham yozishni boshlaydi. Suhbatlar soni ko'payib, endi uning o'zi ham tushuna boshlaydi. Mohirona metod, shunday emasmi? Keyin men o'rganishni shu tildagi tovushlarni qo'llash bilan boshlaydigan, shu tilda eng ko'p ishlatiladigan 500 ta so'zdan boshlaydigan, va hattoki grammatikasini o'rganish bilan boshlaydiganlarni ham ko'rdim. Yuzlab poliglotlardan so'rab, siz yuzta tur xil usullarni eshitishingiz mumkin. Har birining o'zining til o'rganish metodi bor, lekin hammamiz bir xil natijaga erishamiz: bir necha tilda oson gapiramiz. O'z usullari haqida gapirayotgan barcha poliglotlarni tinglayotib, men shuni tushundim, bizni bir narsa bog'laydi: biz til o'rganish jarayonidan zavq olishning yo'llarini topganmiz xolos. Barcha poliglotlar o'zlarining til o'rganishlari haqida zavqlanib gapirishardi. Ularni bir ko'rsangiz edi. Rangli grammatik jadvallarini namoyish etishlari, qo'lda yasalgan yangi so'zlar yozilgan kartochkalar, va ularning dasturlar orqali so'z o'rganish statistikalarini. Hattoki chet tilida yozilgan retseptlar bo'yicha ovqatlar tayyorlashar edi. Har kim har xil metodlar qo'llaydi. Shu bilan birga ular tanlagan metod ularga zavq olibn kelishiga untilishadi. Aslida men ham shunga o'xshash yo'l bilan til o'rganishimni tushundim. Men ispan tilini o'rganayotganimda darslikdagi matnlardan zerikkan edim. Temiryo'l bekatiga qanday o'tish haqida so'rayotgan Xose haqida o'qish kimga qiziq, to'g'rimi? O'rniga men "Garri Potter"ni o'qishni xoxladim, juda ko'p marotaba o'qigan, bolalik davrimdagi eng sevimli kitobim. "Garri Potter"ning ispancha tarjimasini topdim va o'qishi boshladim. Boshida, albatta, men deyarli hech narsani tushunmadim, lekin bu kitobni yoqtirganim uchun o'qishda davom etdim. Va oxiriga kelganimda muammolarsiz tushuna boshladim. Xuddi shu holat nemis tilini boshlaganimda ham bo'ldi. Sevimli serialim "Friends"ni nemis tilida ko'rishga qaror qildim, va yana boshida hammasi tushunarsiz edi. Qachon bitta so'z tugab, boshqasi boshlanayotganini tushunmasdim. Lekin har kuni ko'rishda davom etdim, chunki bu Friends. Men uni istalgan tilda ko'rishim mumkin, juda yoqtiraman. Va nihoyat 2-3 fasldan keyin men ular nima deyotganini tushuna boshladim. Boshqa poliglotlar bilan ko'rishgach, shuni tushundim: bizlar daho emasmiz, bizda tezkor va oddiy til o'rganish usullari ham yo'q. Biz faqat bu jarayondan zavqlana olamiz. Til o'rganishni zerikarli maktab darsidan har kungi yoqimli mashg'ulotga aylantirgan holda. Agar siz so'zlarni qog'ozga yozishni yoqtirmasangiz, ularni dasturda saqlashingiz mumkin. Agar darslikdagi zerikarli materiallarni eshitishni xohlamasangiz, unda YouTube yoki podkastlarni shu tilda topishingiz mumkin. Agar siz introvert bo'lsangiz, va kim bilandir muloqotni tasavvur qila olmasangiz, unda ichki monolog metodidan foydalanishingiz mumkin. O'z xonangizda hotirjam o'z-o'zingiz bilan gaplashing, hafta rejasini, kun qanday o'tganini gapirib bergan, yoki telefondagi istalgan bir rasmni olib, uni tasvirlab bergan holda. Mana poliglotlar tillarni qanday o'rganadi. Eng yaxshi tomoni shuki, bu til o'rganishni xoxlagan barcha uchun qulaydir. Boshqa poliglotlar bilan uchrashuv menga til o'rganishdan zavqlana olish juda muhim ekanligini tushunishimga yordam berdi. Lekin bitta buning o'zi kamlik qiladi. Agar ma'lum bir tilda erkin muloqot qilishni xoxlasangiz, siz yana uchta qoidaga amal qilishingiz kerak. Birinchidan, samarali metodlardan foydalaning. Agar siz ertaga testda tushadigan so'zlarni yodlashga harakat qilsangiz, so'zlar sizning qisqa xotirangizga joylashadi, siz ularni bir necha kun o'tib unutasiz. Agar so'zlar uzoq xotirada saqlanishini xoxlasangiz, siz ularni bir necha kun davomida takrorlab yurishingiz kerak, intervalli takrorlash yordamida. Siz buning uchun Anki yoki Memrise kabi dasturlarni qo'llashingiz mumkin. Yoki poliglotlar orasida keng qo'llaniladigan "Oltin ro'yhat" metodi ya'ni daftarga so'zlarni yozib borishdan foydalaning. Agar qaysidir metod samarali yoki qulayligiga ishonchingiz komil bo'lmasa, poliglotlarning YouTube kanallari va vebsaytlarini kuzating, ulardan ilhomlanish mumkin. Agar bu usullar ularda ishlasa, sizga ham asqotishi kerak. Uchinchi qoida, bu o'rganish jarayonda tizimli yondashuvni qo'llay olish. Biz hammamiz juda bandmiz va odatda bizga til o'rganish uchun vaqt yetmaydi. Lekin biz agar hammasini oldindan rejalashtirsak bo'sh vaqt topa olamiz. Siz odatdagidan 15 daqiqa oldinroq uyg'ona olasizmi? Bu so'zlarni takrorlash uchun eng qulay vaqt bo'lgan bo'lardi. Ishga ketayotib yoki mashina boshqarayotib podkastlarni tinglay olasizmi? Chet tilidagi nutqni eshita boshlash siz uchun foydali bo'ladi. Rejalashtirmasdan ham qilsa bo'ladigan ko'plab mashg'ulotlar bor. Masalan, podkastlarni siz ishga ketayotib yoki uyingizni tozalayotib tinglashingiz mumkin. Til o'rganish rejasini tuzish muhimdir. "Men har seshanba va payshanba o'rtog'im bilan muloqot qilishni 20 daqiqa mashq qilamiz. Nonushta payti YouTubeda videolarni tinglayman". Agar siz tizimli yondashuvni qo'llasangiz, vaqt yetishmovchiligini his qilmaysiz, til o'rganish hayotingizni bir bo'lagiga aylanadi. Va so'ngida siz bu tilni mukammal bilishni xoxlasangiz, sizdan yanada sabr talab etiladi. Ikki oy ichida tilni o'rganishning iloji yo'q, lekin ikki oy ichida sezilarli progressga erishish mumkin. Albatta har kuni oz-ozdan, jarayondan zavqlangan holda o'rgangan bo'lsangiz. Va bizni shaxsiy rivojlanishimizdanda ko'proq motivatsiyani o'zi yo'q. Men "Friends" serialida birinchi marta nemis tilidagi hazilni tushungan lahzamni juda yaxshi eslayman. Men juda baxtiyor va ilhomlangan edim. Men shu kuni odatdagidan ikki seriya ko'proq ko'rdim, va ko'rayotib men sahnalarni yanada yaxshi tushunishni boshladim. Mening kichkina g'alabam meni qadamma- qadam yangi darajaga, bu tilni qo'llay olishimga olib keldi. Bu ajoyib hissoyot! Menga bu his shunchalik yoqdiki, men har ikki yilda yangi til o'rganaman. Mana poliglotlarning asosiy siri. Ma'lum bir vaqt oralig'ida tizimli qo'llasa bo'ladigan samarali metodni topish va bu jarayondan zavqlanish. Poliglotlar tillarni aynan shunday o'rganishadi, yillar emas, oylar davomida. Hozir kimlardir o'ylashi mumkin: "Bu albatta chiroyli eshitiladi, zavq olish... Lekin asosiy sir poliglotlarning bizlarga qaraganda superqobiliyatliroq ekanliklaringizda emasmi?" Benni va Lukas haqida men sizlarga aytmagan yana bir narsa bor. Benni maktabda 11 yil irlandcha va 5 yil nemis tilini o'rgangan. Maktabni tamomlagach, u bu tillarda umuman gapira olmasdi. 21 yoshgacha u o'zida "til o'rganish geni" yo'q va chet tillarida gapira olmayman deb hisoblardi. Keyin u til o'rganishda o'zining yo'lini qidira boshladi, turli xil tillarda gapiruvchi insonlar bilan muloqotga kirishishga intildi. Va bugun Benni 10 xil tilda suhbat qura oladi. Lukas maktabda ingliz tilini o'rganishga 10 yil uringan. U sinfdagi eng yomon o'quvchilardan biri bo'lgan. Hatto do'stlari ustidan kulishgan va hazil tariqasida unga rus tili darsligini berishgan. Ular u hech qachon bu yoki boshqa tilni o'zlashtirolmaydi deb o'ylashgan. Shunda Lukas turli metodlarni tajriba qilib, o'z usulini qidira boshlagan. Masalan, Skype orqali notanish insonlar bilan muloqot. Va oradan 10 yil o'tib Lukas 11 ta tilda bemalol gaplasha oladi. Bu mo'jizadek eshitiladimi? Men har kuni bunday mo'jizalarni guvohi bo'laman. Til o'rganish bo'yicha ko'pchilikka mustaqil o'rganishida yordamlashaman, har kun mo'jiza ko'raman. Odamlar til o'rganishga 5 yil, 10 yoki hattoki, 20 yil harakat qilishadi, va ular o'rganishni o'z qo'llariga olganlarida, o'zlariga yoqadigan material va metodlarni qo'llay boshlaganlarida, yoki o'z ta'limini kuzatib, o'z rivojlanishiga baho berishni boshlaganlarida, aynan shu vaqtdan boshlab, go'yoki mo'jizadek ko'ringan til o'rganish layoqatini o'zida kuzatishni boshlashadi. Shunday ekan, agarda siz ham til o'rganishga harakat qilib, keyin bu juda qiyin yoki men qobiliyatsizman deb tashlab qo'ygan bo'lsangiz, yana bir bor urinib ko'ring. Balki sizga tilni yaxshi o'zlashtirish uchun qiziqarli metod yetishmayotgandir. Balki sizga poliglot bo'lishingiz uchun bor-yo'g'i bitta metod yetishmayotgandir. Rahmat. (Qarsaklar)