Agar hayotingiz kitob, siz esa uning muallifi bo’lganda, hikoyangizga nimalar yozishni istardingiz? Mening hayotimni butunlayga o’zgartirib yuborgan savol aynan shunday edi. Jazirama Las Vegas sahrosida voyaga yetar ekanman, mening birdan bir istagim erkinlik edi. Dunyo bo’ylab sayohat qilishni, qorli go’shada yashashni xayol suradim va barcha aytgan hikoyalarim tasavvurimda namoyon bo’lardi. 19 yoshimda, kollejni tamomlaganimdan bir kun o’tib qorli o’lkaga ko’chib bordim va massaj terapevtlik kasbini egalladim. Bu ish uchun menga qo’llarim va yonimdagi massaj stoli yetarli edi, xolos. Va har qanday ishni eplay olardim. Umrimda ilk bor o’zimni erkin, mustaqil va hayotim o’z qo’limda ekanligini his qildim. Bu hayotim butunlay o’zgarib ketgunicha davom etdi. Bir kuni shamolladim deb o’ylab, uyga erta bordim va 24 soat o’tar-o’tmasdan men kasalxonada kislorod balloniga muhtoj, yashab ketish ehtimolligi ikki foizdan kamroq bemorga aylandim. Koma holatida yotganimdan bir necha kunlardan so’nggina shifokor menga emlash orqali himoyalanish mumkin bo’lgan qon infeksiyasi, bakteriyal meningit tashxisini qo’yishdi. Keyingi ikki yarim oy davomida men talog’imdan, buyraklarimdan, chap qulog’im eshitish qobiliyatidan va tizzamdan pastki ikkala oyoqlarimdan ajraldim. Ota-onam meni kasalxonadan nogironlik aravachasida sudrab olib chiqarkan, o’zimni xuddi qiyqim matolardan qayta tikilgan qo’g’irchoq kabi his qildim. Bir necha haftadan so’ng yangi oyoqlarimni ilk bora ko’rmagunimcha, eng yomoni yakun topdi deb o’ylagandim. Boldir qismi beso’naqay metallar, to’piq suyagi uchun boltlangan trubalardan tashkil topgan va xuddi tomirlarga o’xshab oyoq barmog’idan to to’piq suyagigacha cho’zilgan rezina yo’lli sariq rangli rezina oyoq. Bu yog’iga nimani kutishni bilmasdim, biroq buni kutmagandim. Yonimda onam va yuzimizdan quyulib borayotgan yosh tomchilari bilan bu besonaqay oyoqlarni mahkam bog’lab, o’rnimdan turdim. Ular shunchalar og’riqli va bir yerga qattiq mixlab qo’yuvchi ediki, endi bu oyoqlarda qanday qilib dunyoni sayohat qila olaman, qanday qilib men doim istagan sarguzashtlar va hikoyalarga to’la hayotda yashay olishim mumkin? Va qanday qilib snoubord bilan yana shug’ullana olaman, degan savollar mening yagona o’ylovim edi. O’sha kuni uyga kirib, yotog’imga sudralib bordim va keyingi bir necha oylar hayotim shu zaylda: hushsiz, voqelikdan qochib, yonimda yotgan oyoqlarim bilan kechdi. Men tamoman jismoniy va hissiy tanazzulda edim. Ammo hayotda oldinga siljish uchun men eski Emini tark etishim va yangisini boricha qabul qilishni o'rganishim kerakligini bilardim. Ana shunda bundan buyon besh fut baland bo’lishim shart emasligini anglab yetdim. O’zim istagancha baland bo’yli bo’la olaman! (Kulgu) (Qarsaklar) Yoki kim bilan uchrashuvga chiqishimga qarab istaganimcha past bo’yli bo’lishim mumkin. (Kulgu) Va snoubord bilan yana shug’ullanadigan bo’lsam oyoqlarim muzlab qolmaydi. (Kulgu) O’ylashimcha, bulardan eng zo’ri chegirmadagi barcha poyabzallarni oyog’im o’lchoviga moslab olishim mumkin. (Kulgu) Shunday qildim! Buning foydali jihatlari bor edi. Ana shu daqiqada o’zimga hayotimdagi eng muhim savolni berdim: Agar hayotim kitob, men esa uning muallifi bo’lganimda, hikoyam qanday bo’lishini istardim? Va men xayol sura boshladim. Men xuddi kichkina qizaloq kabi xayol surdim o’zimni ohista qadamlar bilan yurayotganimni, sayohatim davomida boshqa insonlarga yordam berayotganimni va yana snoubord bilan shug’ullanayotganimni tasavvur qildim. O’zimni shunchaki endi yoqqan qorli tog’dan tushib kelishimni tasavvur qilibgina qolmadim. Uni chindan his qildim. Yuzimga urilayotgan shamolni va shoshib urayotgan yuragimni xuddi ayni o’sha daqiqada yuz berayotgandek chindan his qildim. Hayotimning yangi bobi ana o’shanda boshlandi. To’rt oy o’tib, garchi natijalar ayni kutilgandek bo’lmasa ham snoubordga qaytdim: Tizzalarim va to’piq suyaklarim egilmasdi va bir gal yiqilib tushdim-u, oyoqlarim snoubordimda qolib ketdi, o’shanda tog’ chang’isi trassalaridagi barcha chang’ichilarni daxshatga solgan edim. (Kulgu) -- Men pastga uchib tushdim-u, tog’ tepasidan bir yerga jilmagandim. Boshqalar kabi men ham daxshatga tushdim, o’zimga bo’lgan ishonchni yo’qotdim, Biroq agar o’zimga mos juft oyoqlarni topa olsam, bu yana qo’limdan kelishini bilardim. Ana o'shanda bizning chegaralarimiz va qiyinchiliklarimiz faqatgina ikki narsani taqdim etishi mumkinligini bilib oldim: biri yo’limizdan to’xtatadi yoki boshqa biri bizni ijodkorlikka chorlaydi. Men buni bir yil tadqiq etib, hanuz qanday oyoqlar menga kerakligi, menga nafi teguvchi biror bir resursni topa olmadim. Shu sababdan ularni o’zim yaratishga qaror qildim. Oyoq tayyorlovchi usta va men birgalikda tasodiy qismlarni birlashtirdik va snoubord uchun mos juft oyoqlar yaratdik. Ko’rib turganingizdek, ular zanglagan boltlar, rezina, yog’och va izolenta. Va yana, oyoq barmoqlarimdagi bo’yoqni o’zgartira olaman. Mana shu oyoqlar va 21 yoshda men olgan eng zo’r sovg’a dadam bergan yangi buyrak yana bir bor orzularim ortidan borishimga imkon berdi. Snoubord bilan shug’ullana boshladim, ishimga qaytdim, so’ngra o’qishlarimni davom ettira boshladim. 2005-yilda esa jismoniy rivojlanishda nuqsonlari bo’lgan yoshlar va kattalarni harakatli sport bilan shug’ullanishlari uchun notijorat tashkilot tashkil etlishida hamkorlik qildim. U orqali Janubiy Afrikaga borish imkoniyatiga ega bo’lib, maktabga borishlari uchun minglab bolalarning oyoqlariga poyabzal kiydirishga yordamlashdim. Va o’tgan fevral oyida ikki karra Jahon Kubogining medallarini qo’lga kiritdim. (Qarsaklar) -- Bu meni dunyodagi eng qayishuvchan snouborder ayol darajasiga ko'tardi. Bundan o’n bir yil ilgari oyoqlarimdan ajralib qolganimda, nimaga umid qilishni bilmasdim. Biroq bugun mendan vaziyatingizni o’zgartirarmidingiz deb so’rasangiz, men yo’q deb javob berardim. Chunki oyoqlarim meni cheklab qo’ymadi, aksincha ular imkoniyatlarim doirasini kengaytirdi. Ular meni o’z tasavvurimga tayanishga va imkoniyatlarimga ishonishga majburladi. Va shu sababdan tasavvurlarimiz chegaralarni yengib o'tishda ko’makchi bo’la olishiga ishonaman, chunki tafakkurimizda biz har qanday ishni qila olamiz va har qanday narsa qo’limizdan keladi. Ana shu orzularga ishonish va o’z qo’rquvlarimizga yuzma-yuz kelish hayotimizni imkoniyatlar doiramizdan tashqaridagi kenglikda yashashga imkon beradi. Bugungi kun chegarasiz innovatsiyalar maydoni bo’lishiga qaramasdan, shuni aytishim mumkinki, shaxsiy hayotimdagi innovatsiyalarga menda mavjud chegaralar tufayli erishdim. Chegara bu haqiqiy yakun degani, biroq ayni shu yer tasavvur va hikoyaning muqaddimasi ekanligini bilib oldim. Shunday qilib bugun sizga mulohaza uchun taqdim etilgan fikr shundan iborat. Ehtimol, qiyinchiliklar- imiz va cheklangan imkoniyatlarimizga salbiy va yomon narsa sifatida qarash o’rniga ularni bizga berilgan tuhfa, tasavvurimizni uyg’otishimizda qo’l keluvchi bebaho sovg’a ko'zlangan manzildan uzoqroqqa yetishga ko’makchi deb qabul qilishimiz mumkin. Bu chegaralarni buzib o'tish emas, balki uni siljitishdir va u bizni qanday ajoyibotlarga yetaklashi mumkinligiga guvoh bo’lish demakdir. Rahmat.